Internet asrida obro‘-e’tibor yillar davomida quriladi, biroq bir necha soniyada yakson qilinishi mumkin. Cancel culture (Bekor qilish madaniyati) — bu zamonaviy dunyoda ijtimoiy nazorat va javobgarlik quroli hisoblanadi. Mehr bilan qahrning orasi bir qadam degan ibora shu yerga mos keladi. Kechagina odamlar boshiga ko‘tarib yurgan mashhurlar yoki hammaga sevimli bo‘lgan brend bir kunda oyoqosti bo‘lishi mumkin.
Cancel madaniyati o‘zi nima?
Sodda qilib aytganda, Cancel — bu ommaviy boykotning bir shaklidir. Agar biron bir jamoat arbobi yoki brend etik normalarni buzsa, mijozlarga nisbatan qo‘pollik qilsa yoki mas’uliyatsizlik ko‘rsatsa, foydalanuvchilar jamoaviy ravishda ularni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatadi. O‘sha brend mahsulotlarini xarid qilishni yoki undan foydalanishni to‘xtatadi va boshqalarni ham shunga chaqiradi. Bu jarayon kompaniyaning daromadlari tushishi, shartnomalarning bekor bo‘lishi va brendning bozordan siqib chiqarilishigacha olib keladi.
Bugungi kunda ommaviy cancel qilishga ko‘proq jamoat arboblari: kino aktyorlari, sportchilar, musiqachilar, siyosatchilar duch kelmoqda. Turli davrlarda yozuvchi Joan Rouling, teleboshlovchi Ellen Dejeners, aktyor Uill Smit va boshqa mashhurlar bunday cancel qurboni bo‘lgan.
Cancel madaniyati qanday boshlangan?
Cancel qilish madaniyati avvaldan mavjud bo‘lib, faqat katta ko‘lamlarda namoyon bo‘lmagandi. Ushbu atama Gollivud prodyuseri Harvi Vaynshteyn ishi ortidan keng ommalashdi. 2017-yilda uni bir necha ayol, jumladan, aktrisalar Eshli Jadd, Uma Turman va Anjelina Joli birvarakayiga jinsiy shilqimlikda aybladi. Bu yirik mojaro #MeToo heshtegi ostidagi harakatning boshlanishiga turtki berdi va uning doirasida ayollar o‘zlarining boshlaridan o‘tgan shunga o‘xshash voqealar bilan bo‘lishdi. Vaynshteynning o‘zi esa 23 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. U prodyuserlik kompaniyasidagi ishidan va barcha unvonlaridan, jumladan, Britaniya Imperiyasi ordenining faxriy komandori darajasidan ham mahrum etildi.
Bu cancel madaniyatining cho‘qqisi edi. Keyinchalik bu hodisa tez tarqalib, yangi axloq qoidalariga ozgina bo‘lsa-da zid keladigan barcha narsalarni: ozchiliklar huquqlarining poymol etilishi, ekologiyaga zarar yetkazish, dinni haqorat qilish va zo‘ravonliklar bilan bog‘liq voqealarni qamrab ola boshladi. Qolaversa, cancel’ni boshlash uchun bu holatlardan birortasi sudda tasdig‘ini topishi shart emas — bir necha kishining ijtimoiy tarmoqlarda fikr bildirishining o‘zi kifoya qiladi.

Qimmatga tushgan xatolar
Cancel mexanizmi qanday ishlashini tushunish uchun biznes va etika bilan bog‘liq yirik misollarni ko‘rib chiqamiz:
United Airlines: mijozga nisbatan qo‘pollik
2017-yilda AQSHning yirik aviakompaniyasi bo‘lgan United Airlines omma nafratiga uchradi.
Facebook’da aeroport xavfsizlik xizmati xodimlari bir erkakni samolyotdan kuch bilan sudrab olib chiqib ketayotgani aks etgan video tarqaldi. Ma’lum bo‘lishicha, aviakompaniya 4 nafar o‘z xodimini yo‘lovchilar o‘rniga samolyotga chiqarmoqchi bo‘lgan. Yo‘lovchilar rozi bo‘lmagach, ularni kuch ishlatib tushirishga harakat qilgan.
Voqea aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, #BoycottUnited heshtegi trendga chiqdi. Kompaniya iqtisodiy jihatdan katta zarar ko‘rdi. Bu keys mijozga nisbatan hurmatsizlik brendni bir kunda qulatishi mumkinligini isbotladi.
Este Lauder: rahbarning mas’uliyatsizligi
2022-yilda kosmetika giganti Este Lauder ijrochi direktori Jon Demsey o‘zining shaxsiy Instagram sahifasida irqiy kamsituvchi hazil va pandemiya bilan bog‘liq memni ulashadi.
Garchi bu uning shaxsiy sahifasi bo‘lsa-da, brendning qadriyatlariga zid kelgani uchun jamoatchilik Este Lauder brendiga boykot e’lon qiladi va Demseyning iste’fosini talab etadi. Kompaniya jamoatchilik bosimi ostida avvaliga Demseyni haq to‘lanmaydigan ta’tilga chiqaradi. Oradan ko‘p o‘tmay, 30 yillik karyeraga ega rahbar baribir ishdan bo‘shatiladi. Uning o‘sha paytdagi yillik maoshi 9,6 mln dollarni tashkil etganini ham ta’kidlash zarur.
H&M: o‘ylamay qilingan reklama
2018-yilda H&M bolalar kiyimi reklamasi uchun qora tanli bolakayga “O‘rmondagi eng zo‘r maymuncha” degan yozuvi bor sviterni kiygizdi. Bu ko‘plab mamlakatlarda irqiy kamsitish ramzi sifatida qabul qilindi.
Oqibatda H&M kompaniyasining dunyo bo‘ylab yuzlab do‘konlari boykot qilindi, ba’zi mamlakatlarda hatto namoyishlar ham bo‘lib otdi. Kanadalik mashhur xonanda The Weeknd mazkur brend bilan barcha hamkorlikni to‘xtatdi. H&M katta moliyaviy zarar ko‘rdi va rasman uzr so‘rashga majbur bo‘ldi.
Cancel madaniyatining salbiy jihatlari
Jamoatchilik bosimi va nazorati haqiqatan ham katta kompaniyalar va mashhur shaxslarni o‘z so‘zlari, qarorlari va xatti-harakatlari uchun javobgar bo‘lishga o‘rgatadi. Shu bilan birga cancel madaniyatining salbiy jihatlari ham bor.
Cancel to‘g‘risidagi ommaviy hukm haqiqiy sud va tergovdan ancha oldin chiqariladi. Tabiiyki, ommada bir-biriga ergashish xususiyati bor. Aksariyat hollarda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari masalaning mohiyatiga yetmay, shoshilib chiqarilgan xulosalar asosida hukm qilib yuborishadi. Bu esa ko‘plab mashhurlar hayotini izdan chiqarib yuborganiga ko‘plab misollar bor.

Masalan, taniqli aktyor Kevin Speysi 2017-yilda ayollarga jinsiy tegajoqlikda gumonlanishi ortidan cancel’ga uchragan. Bu ayblovlar aktyorning karyerasini barbod qildi, uni kinolarga taklif qilmay qo‘yishdi, homiylik shartnomalari bekor qilindi. Faqatgina 2023-yilga kelib, sud barcha ayblovlar bo‘yicha oqlov hukmini chiqardi. Ammo Speysi bu yillar davomida yo‘qotganlarini qaytarib ololmasligi aniq bo‘lib ulgurgandi.
Aynan shu sabablarga ko‘ra, cancel madaniyatini ko‘plab taniqli odamlar tanqid qilishadi. San’atkorlar, rassomlar, qiziqchilar va boshqa ijodkorlarning ta’kidlashicha, bu ularning o‘zini ifoda etish huquqini cheklaydi.
O‘zbekistonda ham cancel’lar bo‘lganmi?
O‘zbekistonda cancel madaniyati G‘arbdagi kabi ko‘rinishda namoyon bo‘lmasa ham, ommaning nafratiga, e’tiroziga, rad qilishiga sabab bo‘lgan holatlar ro‘y bergan.
Inbazar’dagi mushtumzo‘r
2024-yilda Toshkent shahrida joylashgan Inbazar savdo markazining mas’uli qo‘l ostida faoliyat yurituvchi xodimini kaltaklagani aks etgan video tarqaldi. Buning ortidan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari mazkur do‘kon mas’ulini jazolashni talab qilib, boshqa foydalanuvchilarni mazkur do‘kondan hech narsa xarid qilmaslikka chaqirishdi. Oqibatda savdo markazi tarmog‘ining rahbari barchadan uzr so‘rab, videomurojaat bilan chiqishga majbur bo‘ldi. Aybdorlar ma’muriy javobgarlikka tortildi.
“Oqtepa Lavash”dagi suvarak
2018-yilda “Oqtepa Lavash” fastfud tarmoqlaridan birida suvaraklar yurgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda katta norozilik keltirib chiqardi. Tabiiyki, bu videoni ko‘rgan yoki u haqida eshitgan mijozlar mazkur fastfud tarmog‘ini cancel qilishni boshladi. Oqibatda tamaddixonada takroriy dezinfeksiya ishlari o‘tkazilib, rahbardan tortib barcha xodimlargacha saf tortib, mijozlardan bosh egib uzr so‘rashga majbur bo‘lishdi.
Evos’dagi go‘sht mojarosi
2021-yilda Evos fastfud tarmog‘ida tayyorlanayotgan taomlarga qo‘shilayotgan go‘sht mahsulotlari halol emasligi aytilgan xabarlar tarqaldi. Oqibatda bu tarmoq mijozlari orasida shubha paydo bo‘ldi. Kompaniya vakillari shubhalarni aritish uchun ularga go‘sht yetkazib beradigan xorij kompaniyasiga press-tur tashkil qilishga majbur bo‘ldi.
Bon’dagi til muammosi
2025-yilda blogerlardan biri Bon qahvaxonasida o‘zbek xodimlar rus tilida gapirib, xizmat ko‘rsatganini tanqid qilib chiqdi. Ko‘pchilik blogerni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, ayrimlar uni xayp qilishda aybladi. Oqibatda restoran ma’muriyati holat bo‘yicha uzr so‘radi. Kompaniya o‘zbek tilini qadrlashi va uning davlat tili maqomini e’tirof etishini ta’kidlagan. Keyinroq mazkur qahvaxonaning Instagram’ida o‘zbek tilida ham postlar yozila boshlangani kuzatilgan.
Cancel’ga tushmaslik uchun nima qilish kerak?
Kompaniyalar uchun cancel bo‘lish — bu to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyaviy inqiroz deganidir. Bunday holga tushmaslik uchun kompaniya va brendlar quyidagilarga e’tibor berishi shart:
Hushyorlik (Context Checking): har qanday reklama yoki post e’lon qilinishidan oldin, u turli guruhlar, madaniyatlar va qadriyatlarga zarar yetkazmasligi qayta-qayta tekshirilishi kerak.
Mijoz bilan aloqa: agar xato sodir bo‘lsa, uni yashirishga yoki mijozni ayblashga urinmaslik kerak. Xatoni tan olish, bo‘lib o‘tgan voqea uchun uzr so‘rash va aybni yuvish uchun ko‘riladigan chorani e’lon qilish zarur. Zamonaviy foydalanuvchilar va iste’molchilar samimiylikni va xatoni darhol tan olishni qadrlashadi.
Jamoaviy mas’uliyat: kompaniya rahbarlarining ommaviy chiqishlari va xodimlarning ijtimoiy tarmoqlardagi postlari brend obro‘siga ta’sir qilishini tushunishi va bu borada doimo ehtiyot bo‘lishi lozim.
Inqiroz davri rejasi: har bir kompaniyada “Agar bizni boykot qilishsa, nima qilamiz?” degan savolga tayyor javob va harakatlar rejasi bo‘lishi shart.

Qanday qilib raqamli dunyoda omma nafratidan omon qolish mumkin?
Agar sizning brendingiz cancel’ga tushib qolsa, quyidagi oltin qoidalarga amal qilish kerak:
Tezkorlik: sukunat — bu aybdorlik belgisi sifatida qabul qilinadi. Birinchi 24 soat ichida rasmiy sahifalar orqali munosabat bildirish zarur.
Samimiy uzr: “Agar kimnidir xafa qilgan bo‘lsam, uzr” emas, balki “Biz xato qildik, bu holat bizning qadriyatlarimizga mos kelmaydi” deb aytish ko‘proq samara beradi.
Xatoni to‘g‘rilash: cancel’ga sabab bo‘lgan xatoni to‘g‘rilashga kirishish. Bu shunchaki so‘zda emas, amalda bo‘lishi kerak (masalan, zararni qoplash, yangi ichki tartiblar joriy etish va hokazo).
Cancel madaniyati shafqatsiz ko‘rinishi mumkin, biroq u brendlarni yanada mas’uliyatli va insonparvar bo‘lishga undaydi. Cancel’dan eng yaxshi himoya — bu doimo halol va ochiq muloqot qilishdir.


Izohlar
Izoh qoldirish uchun, avval