Namangandagi tibbiyot muassasalarida iste’molchilardan asossiz undirilgan 300 million so‘mga yaqin mablag‘larni qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar qildi.

Qo‘mitaning Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan viloyat hududida faoliyat yuritayotgan Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi To‘raqo‘rg‘on, Uychi, Uchqo‘rg‘on, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmalarida tibbiyot uchun mo‘ljallangan o‘lchash va sinash vositalarining metrologik ko‘rikdan o‘tkazilgani, shuningdek, ulardan bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida foydalanilishi holati yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilgan.

O‘rganishlar natijasida tibbiyot birlashmalari tomonidan foydalanilayotgan tibbiy asbob-uskunalar belgilangan muddatlarda metrologik ko‘rikdan o‘tkazilmagan holda xizmatlar ko‘rsatilgani, shuningdek, narxnomada hisobga olingan, ammo amalda ishlatilmagan materiallar uchun iste’molchilardan qariyb 300 million so‘m miqdorida asossiz daromad olingani aniqlangan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, hududiy boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning tegishli moddalari hamda Vazirlar Mahkamasining ushbu sohada xizmat ko‘rsatish asoslari belgilangan qarori talablari buzilishi yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunida belgilangan tartibda iste’molchilardan asossiz olingan mablag‘larni qaytarish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.

Bundan avval O‘zbekistondagi ayrim dorixonalarda dori vositalariga belgilangan ustamalarni oshirib qo‘llanishidan 8,5 milliard so‘m miqdorida asossiz daromad olingani aniqlangandi. Bu mablag‘lar isteʼmolchilar foydasiga qaytarilib, dori vositalari narxlari oshirilgani uchun 6 ta korxona litsenziyasi bekor qilingandi.