Davlat qarzi xorijiy valyutalarning soʻmga nisbatan almashuv kursi shakllanishiga taʼsir koʻrsatadi. Bu haqda Markaziy bank raisi oʻrinbosari Nodirbek Ochilov 26-fevral kuni Toshkent shahrida oʻtgan eksportyorlar bilan uchrashuvda maʼlum qildi.
“Daryo” muxbiri xabariga koʻra, iqtisodiy soha vakillari va tadbirkorlar ishtirokidagi muloqotda valyuta bozoridagi tendensiyalar hamda almashuv kursi muhokama qilindi. Nodirbek Ochilov maʼruzasida kurs shakllanishi bilan bogʻliq jarayonlar qanday kechishini tushuntirdi. Uning aytishicha, valyuta almashuv kursiga oʻnlab omillar taʼsir etadi. Xususan, soʻm qadrsizlanishi yoki mustahkamlanishida fiskal siyosat roli katta.
“Davlat xarajatlari yalpi ichki mahsulotning qariyb 40 foizini tashkil etadi. Shu bilan birga, daromadlari va davlat qarzi, tashqi qarzni jalb qilish xarajatlari ham bor. Bularning hammasi bilvosita valyuta almashuv kursiga taʼsir qiladi. Davlat qarzi yiliga 5 milliard dollar atrofida jalb qilinmoqda. Joriy yil uchun byudjeti taqchilligini qoplashga 2,5 milliard dollar, investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga ham 2,5 milliard dollar tashqi qarz olish belgilangan. Olingan 5 milliard dollar qarz toʻgʻridan-toʻgʻri bozorga kirib keladi. Soʻng bevosita Markaziy bank operatsiyalar yoki hukumat bilan boʻladigan munosabatlarimiz orqali keyinchalik bilvosita kursga oʻzining taʼsirini koʻrsatadi”, dedi Markaziy bank rasmiysi.
Nodirbek Ochilov fiskal siyosatda davlat investitsiya dasturlari ham kursga taʼsir koʻrsatishini taʼkidladi.
Valyuta kursiga taʼsir etuvchi boshqa omillar
Nodirbek Ochilov valyuta narxiga tashqi omillar taʼsiri sezilarli boʻlishiga alohida toʻxtaldi. Jumladan, Oʻzbekistonga asosiy savdo hamkori boʻlgan davlatlardagi valyuta kurslari, inflyatsiya darajalari, asosiy foiz stavkalari hamda pul oʻtkazmalari miqdori muhimligi aytildi.
Jahon bozorida oltin, kumush, mis, neft narxlari oʻzgarishi, mamlakat eksport va import koʻrsatkichlari ham kurs oʻzgarishida jiddiy omillar sanaladi.
Geosiyosiy jarayonlar, xalqaro kapital oqimlari, global foiz stavkalari va mamlakatdagi dollarlashuv darajasining ham oʻzi taʼsirlari borligi bildirildi.
Markaziy bank yuritadigan pul-kredit siyosati valyuta kursi shakllanishiga turtki beruvchi omillardan biri ekani taʼkidlandi. Buning tarkibiga kreditlar, depozitlar, foiz stavkalari, likvidlik va inflyatsiya kiradi.
Shu bilan birga, hukumat va Markaziy bank moliyaviy operatsiyalari, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi pul oʻtkazmalari ham kursga taʼsir qilishi bildirildi.
2025-yil yakunida Oʻzbekiston davlat qarzi 46,85 milliard dollardan oshgani xabar qilingandi. Kreditlarning 39,8 milliard dollari (85 foizi) tashqi, 7 milliard dollari (15 foizi) ichki qarz hissasiga toʻgʻri kelgan. Bunda tashqi qarz ulushi bir yil davomida 6,1 milliard dollarga koʻpaygan. Umumiy qarzlarning yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushi 31,9 foizni tashkil etgan.
Joriy yilda byudjetdan davlat qarziga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha foiz to‘lovlari uchun 24 trillion so‘m (kamida 2 milliard dollar atrofida) ajratilishi belgilangan.
.jpg)
Izohlar
Izoh qoldirish uchun, avval