Ser Charlz Spenser Chaplinning vafot etganiga yarim asrdan oshdi, biroq uning shuhrati avloddan avlodga o‘tib kelmoqda. Uning Daydisi shunchaki kino qahramoni emas, balki tarjimasiz ham tushunarli bo‘lgan yagona tilda so‘zlovchi umid, matonat va insoniylikning abadiy timsolidir. Chaplin bir vaqtning o‘zida ham kuldirib, ham yig‘latib, insoniyatga quvonch ulashdi va haqiqiy san’at siyosiy kelishmovchiliklar, quvg‘in va zamondan doim ustun kelishini o‘z hayoti bilan isbotladi.
Ilk yillar: London myuzik-holi va yetimlik qismati

Ser Charlz Spenser Chaplin 1889-yilning 16-aprelida London estrada artistlari oilasida dunyoga keldi. U er-xotinning to‘ng‘ich farzandi edi. Ammo uning o‘gay akasi ham bo‘lib, onasi Xanna birinchi turmushi — yahudiy millatiga mansub kishidan tug‘ilgan o‘g‘li Sidni Xillni ham tarbiyalardi. To‘ydan so‘ng har ikki farzand ham otasining familiyasini oldi. Dastlab aka-ukalarning bolaligi betashvish o‘tdi. Charlzning otasi o‘zining yoqimli bariton ovozi bilan dong taratgan, poytaxtdagi myuzik-hollarga muntazam takliflar olib, Yevropa bo‘ylab ko‘p safar qilgan. Ko‘p o‘tmay, otasi ichkilikka mukkasidan ketib, 37 yoshida London shifoxonasida vafot etdi.
Shu bilan birga, beg‘ubor bolalik ham o‘z nihoyasiga yetdi. Hanna ovozidan butunlay ayrildi, o‘g‘li 7 yoshga to‘lganida esa esdan og‘di. Ayolni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirishdi. Charli va Sid esa yetimxonaga berishdi. To‘qqiz yoshida Charlini “Lankashirlik sakkiz yigit” raqs guruhiga qabul qilishdi. O‘smir ilk bor shu yerda, 1900-yilgi Rojdestvo pantomimasida mushukni tasvirlab, butun zalni kuldirgan edi.
Bir yildan so‘ng Charli guruhdan ketdi. Tirikchilik uchun pul ishlash kerak edi, o‘qishga esa vaqt qolmasdi. U qayerga ishga olishsa, o‘sha yerda ishlardi: gazeta sotar, shifoxona hamshiralariga ko‘maklashar, bosmaxonada tinim bilmasdi. 14 yoshida uning bir umrlik orzusi ushaldi: Charlini teatr jamoasiga qabul qilishdi va “Sherlok Xolms” spektaklida xabarchi rolini berishdi. Qizig‘i shundaki, Charli hali o‘qishni bilmas, shu sababli rol matnini unga akasi Sid yodlatgan edi.
1908-yilda 19 yoshli Charli Angliya myuzik-hollari uchun pantomima va sketchlar tayyorlovchi Fred Karno truppasiga qo‘shildi. Ko‘p o‘tmay u aksariyat spektakllarning yetakchi aktyoriga aylandi. Ikki yildan so‘ng Karno jamoasi Amerika bo‘ylab gastrol safariga yo‘l oldi. O‘shanda u Qo‘shma Shtatlarda qolishga qaror qildi.
Kunlarning birida uning chiqishini prodyuser Mak Sennett ko‘rib qoldi. Artistning ijrosi amerikalik kinoarbobga shu qadar ma’qul bo‘ldiki, menejer uni “Kistoun” studiyasiga taklif qildi. 1913-yil sentyabr oyida shartnoma imzolandi: studiya unga haftasiga 150 dollar to‘laydigan bo‘ldi.
Avvaliga Charliga bu yerda ishlash oson bo‘lmadi. Sennett hatto uni taklif qilganini xato deb hisoblab, shartnomani bekor qilishni ham rejalashtirgandi. Biroq oradan bir yil o‘tgach, Charli kompaniyaning bosh aktyoriga aylandi. Tomoshabinlarga Mak Sennett improvizatsiyalaridagi beso‘naqay qahramon manzur kelgan edi.
Kunlarning birida rahbar aktyordan “Bolalar avtopoygasi” nomli komediya uchun yangi grim qilishini so‘raydi. Aynan o‘shanda butun dunyoga tanish obraz dunyoga keldi: past bo‘yga kulgili ko‘ringan keng shim, tor kostyumcha, qozonnusxa shlyapa, har poyma-poy kiyilgan katta botinkalar va ixchamgina mo‘ylov. Kichkina Daydi ana shunday paydo bo‘ldi. Keyinroq rekvizitlar qatoriga otasining suratlaridan birida ko‘rgan hassasi ham qo‘shildi. Personaj bir zumda olamshumul shuhrat qozondi. Muvaffaqiyatga erishgach, Charli ssenariy yozish va rejissyorlik borasidagi qobiliyati boshliqlarinikidan ancha ustun ekanini anglab yetdi.
1917-yilda “First National” studiyasi bilan bir million dollarlik shartnoma imzolandi va bu esa uni o‘z davrining eng ko‘p haq to‘lanadigan aktyoriga aylantirdi. 1919-yilda aktyor o‘zining “United Artists” nomli shaxsiy kompaniyasiga asos soldi. Charli ushbu studiyada 1950-yillar boshlarigacha, Amerikani butunlay tark etishga majbur bo‘lguniga qadar faoliyat yuritdi.

Ovozsiz durdonalar va mashhur sahnalar
Moliyaviy mustaqillik artistga o‘z-o‘ziga xo‘jayin bo‘lish, shaxsiy studiyasini qurish va g‘oyalarini erkin ro‘yobga chiqarish imkonini berdi. Shu tariqa qiziqchi ssenariychi, rejissyor, prodyuser, montaj ustasi, bastakor va bosh aktyor vazifalarini o‘z zimmasiga olib, muallif sifatida o‘z o‘rnini topdi. Ko‘plab loyihalarda Daydi obrazi bilan butun bir franshiza yaratdi va shu bilan birga ovozsiz hamda ovozli kino o‘rtasidagi chegarani aniq belgilab berdi.
Daydi ishtirokidagi ilk to‘liq metrajli film “Bolakay” bo‘ldi. Kartina Charlining shaxsiy hayotidan olingan. “Oltin vasvasasi” filmida esa aktyor oltin konlariga yo‘l oladi. Titrlarda qahramon “Yolg‘iz oltin qidiruvchi” deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, tanish Daydining qiyofasi saqlanib qolgan. Aynan shu filmi uchun kinematograf 1943-yilgi taqdirlash marosimida ilk Akademiya mukofoti nominatsiyalarini qo‘lga kiritgan.
Ovozli davr, siyosiy filmlar va ta’qiblarning boshlanishi
Afsonaviy obrazi bilan xayrlashgan Charli Chaplin 1930–1940-yillardagi ijtimoiy-siyosiy ziddiyatlar va taqdiri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan asarlarga qo‘l urdi. “Buyuk diktator” Adolf Gitler va fashistlar Germaniyasiga qaratilgan satira janridagi ilk rasmiy ovozli film bo‘ldi. Rejissyor bu filmda ham muallif, ssenariychi, prodyuser, bastakor va bosh rol ijrochisi sifatida ishtirok etib, bir vaqtning o‘zida ham protagonist – sartarosh, ham antagonist – Adenoid Hinkelni gavdalantirdi. Asar ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lsa-da, juda katta qiziqish bilan kutib olindi. Film “Oskar” mukofotining beshta: “Eng yaxshi film”, “Eng yaxshi aktyor”, “Eng yaxshi original ssenariy”, “Ikkinchi plandagi eng yaxshi aktyor” (Jek Ouki) va “Eng yaxshi original musiqa” nominatsiyalarini qo‘lga kiritdi.
Ovozli debyut filmi chiqqach, rejissyorga qarshi quvg‘inlar boshlandi. Charli Chaplin Amerikaga qarshi faoliyat yuritishda va kommunistik g‘oyalarga xayrixohlikda ayblandi. FQB rahbari Edgar Guver esa 1930-yillarda boshlangan dosye to‘plash ishlarini yanada faollashtirdi.
“Uni masxaraboz deb bilishardi. Lekin u ritsar edi”. Charli Chaplin filmlarini qanday ko‘rish kerak?
Ta’qiblarning avj nuqtasi 1940-yillarga to‘g‘ri keldi – o‘shanda Charli “Mesye Verdu” filmini suratga olgan edi. Senzura kartinani namoyish etishni taqiqladi. Ijodkorga qarshi tuhmatlar yog‘dirildi: uni noshukurlikda (aktyor AQSH fuqaroligini qabul qilmagan edi), yashirin kommunizmda va yahudiy millatiga mansublikda ayblashdi. Shunga qaramay, film eng yaxshi ssenariy uchun “Oskar” mukofotiga nomzod bo‘ldi.
1952-yilda uning vizasi bekor qilinib, AQSHga kirishi taqiqlanadi, bu esa Chaplinni Shveysariyaga ko‘chib ketishga majbur qiladi. Mamlakatdan chiqarib yuborilishini oldindan sezgan aktyor butun mol-mulkiga doir ishonchnomani rafiqasi nomiga qoldiradi. Ayol bor mulklarni sotib, farzandlari bilan Veve shahriga ko‘chib o‘tadi.
Yevropadagi surgun va so‘nggi loyihalar
Gollivuddagi faoliyati yakunlangan bo‘lsa-da, Chaplinning olamshumul shuhrati saqlanib qoldi. Shveysariyada yashagan aktyor dastlabki filmlari uchun ssenariy va musiqalar yozdi. 1954-yilda aktyor va rejissyor Xalqaro Tinchlik mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Rejissyor 70 yoshga to‘lganidan so‘ng memuarlarini nashr ettirdi va shu bilan birga Marlon Brando, Sofi Loren, akasi Sidni va to‘rt farzandi ishtirokida film ssenariysini yozdi. Film hit bo‘lmasa-da, olqishlarga sazovor bo‘ldi.
1972-yilda, umrining so‘nggi yillarida, buyuk Charli Chaplin “XX asr san’ati sifatida kinematografni qaror toptirishga qo‘shgan beqiyos hissasi uchun” faxriy “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘ldi. Mukofotni unga Jek Lemmon topshirdi. Rejissyor qisqa va ta’sirli nutq so‘zlab, o‘zining doimiy hassasi va shlyapasi bilan sahnani tark etdi. Shu tariqa mashhur ijodkor va Amerika o‘rtasida yarashuv bo‘ldi. 1975-yilda Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II tomonidan ritsarlikka qabul qilinishi esa bu voqealarning gultoji bo‘ldi.

To‘rtta nikoh, o‘n ikkita farzand va oilaviy sirlar
Chaplin to‘rt marta uylangan bo‘lib, bu nikohlaridan o‘n ikki farzandi bo‘lgan. Uning birinchi rafiqasi aktrisa Mildred Harris edi. Bu nikoh ikki yil davom etgan, to‘ng‘ich farzandi Norman esa tug‘ilganidan ko‘p o‘tmay vafot etgan.
Charli Chaplin, Marlon Brando va boshqa Gollivud yulduzlarining nabiralari qanday ko‘rinishda?
Aktyorning ikkinchi rafiqasi 16 yoshli Lita Grey bilan Meksikada nikohdan o‘tib, to‘rt yil yashagan. Bu turmushdan o‘g‘illari Charli (kichik) va Sidni Erl dunyoga kelgan, ikkalasi ham kinoni tanlagan. Katta o‘g‘li Merilin Monro bilan munosabatlari tufayli tanilgan. Ajrashayotganda aktyor 700-850 ming dollar miqdorida tovon puli to‘lagan.
Uchinchi rafiqasi Polett Goddard bilan 1932-yildan 1940-yilgacha birga yashadi. Ajrashgandan so‘ng Shveytsariyaga ko‘chib o‘tgan ayol yozuvchi Erix Mariya Remarkka turmushga chiqdi.
To‘rtinchi xotini o‘zidan 36 yosh kichik Una O’Nil 1943-yildan to umrining oxirigacha uning yo‘ldoshi bo‘ldi. Bu nikohdan uch o‘g‘il va besh qiz dunyoga keldi. Kenja farzandi aktyor 73 yoshga to‘lganida tug‘ildi.
“Agar hozirgi rafiqamni avvalroq uchratganimda, ayollar bilan bog‘liq muammolarim bo‘lmasdi”, degan edi keksaygan artist.

Hayotdan ko‘z yumishi, tobutining o‘g‘irlanishi va abadiy meros
Charli Chaplin 1977-yil 25-dekabrda olamdan o‘tdi. San’atkor miyasiga qon quyilishi oqibatida uyqusida vafot etdi. Uni Vevadagi qabristonga dafn etishdi. 1978-yilning mart oyida pul talab qilish maqsadida uning tobutini o‘g‘irlab ketishdi. Xoki qaytarilgach, Shveysariyaning Korsye-syur-Veve shahrida qayta dafn etilib, qabr ustiga bir yarim metrli beton quyildi.
Murda va tobut uchun 600 ming dollar. Charli Chaplinning tobuti nega o‘g‘irlab ketilgan edi?
Ser Charli Chaplinning merosi kino sanoati tarixiga ulkan ta’sir ko‘rsatdi. 1992-yilda Richard Attenboroning biografik filmi ekran yuzini ko‘rdi. Bosh rolni kichik Robert Dauni ijro etib, “Oskar” mukofotiga nomzod bo‘ldi. Filmda Chaplinning qizi Jeraldina buvisi Hanna rolini o‘ynagan.
Chaplin nomi bilan bog‘liq afsonalar talaygina. Matbuot uning qiyofadoshlar tanlovida yutqazgani haqida mish-mishlar tarqatgan, aktyorning o‘zi esa bu ma’lumotni na tasdiqlagan, na inkor etgan. Aleksandr Kuprin “Buyuk soqov” nomli maqolasida daho haqida so‘z yuritib, taniqli komikni Iso Masih bilan qiyoslagan jurnalistning so‘zlarini keltiradi va bu o‘xshatish noo‘rin ekanini ta’kidlaydi.

Go‘zal ayollar har doim ijod ahliga ilhom bag‘ishlagan. Rus balerinasi Anna Pavlova ham shunday ayollardan biri edi. Chaplin raqqosaning umri oxirigacha u bilan do‘st bo‘lib, chiqishlarini kinotasmaga yozib olishda maslahatchi sifatida yordam bergan
Chaplin Albert Eynshteyn bilan ham tanish edi. Ikkovlon birgalikda “Oltin vasvasasi” filmining premyerasiga tashrif buyurgan. Shunda ular tomoshabinlar aktyorni hammaga tushunarli bo‘lgani uchun, olimni esa hech kimga tushunarli bo‘lmagani uchun bir xil darajada baland ovozda olqishlashganini qayd etishgan.



Izohlar
Izoh qoldirish uchun, avval