Osiyo Futbol Konferensiyasi (OFK) navbatdagi qit’a birinchiligi oldidan jamoalarni savatchalarga ajratib chiqdi. Bu galgi taqsimotda FIFAning 1-apreldagi yangilangan reytingi asosiy mezon bo‘lib xizmat qildi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi ayni paytda FIFA reytingida 50-pog‘onani egallab turibdi va shuning evaziga 1-savatchadan joy oldi. Bu esa Fabio Kannavaro jamoasining guruh bosqichida qit’aning eng kuchli jamoalari — Yaponiya, Eron va Janubiy Koreya kabi raqiblar bilan to‘qnash kelmaslik imkonini beradi.
Savatchalar tarkibi:
- 1-savatcha: Saudiya Arabistoni (mezbon), Yaponiya, Eron, Janubiy Koreya, Avstraliya, O‘zbekiston.
- 2-savatcha: Qatar, Iroq, Iordaniya, BAA, Ummon, Suriya.
- 3-savatcha: Bahrayn, Tailand, Xitoy, Falastin, Vyetnam, Tojikiston.
- 4-savatcha: Qirg‘iziston, Livan yoki Yaman, KXDR, Indoneziya, Quvayt, Singapur.
Dastlab 11-aprelga belgilangan qur’a tashlash marosimi Yaqin Sharqdagi vaziyat hamda barcha hamkorlarning to‘liq ishtirokini ta’minlash maqsadida boshqa muddatga ko‘chirildi. Turnirda qatnashadigan 24 ta jamoadan 23 tasi allaqachon ma’lum. So‘nggi yo‘llanma egasi 4-iyun kuni Livan va Yaman terma jamoalari o‘rtasidagi bahsdan so‘ng aniqlanadi. Guruh bosqichiga qur’a tashlash marosimi esa 9-may sanasiga belgilandi.

Izohlar
Izoh qoldirish uchun, avval