Jahon banki kelgusi 15 oy davomida Yaqin Sharqdagi urushdan jabrlangan mamlakatlar uchun 80 milliarddan 100 milliard dollargacha mablag‘ ajratishi mumkin. Bu COVID pandemiyasi davrida bank taqdim etgan 70 milliard dollarlik yordamdan ham ko‘proq summadir. Bu haqda bank prezidenti Ajay Bangaga tayanib, Reuters xabar berdi.

Banganing soʻzlariga koʻra, ushbu paket yaqin oylarda inqirozga qarshi choralar doirasida beriladigan 20-25 milliard dollarni o‘z ichiga oladi. Bu orqali davlatlar avval tasdiqlangan loyihalar uchun ajratilgan pullarning 10 foizigacha bo‘lgan qismini muddatidan oldin olishi mumkin. Yana 30–40 milliard dollar esa taxminan olti oy ichida amaldagi dasturlarni qayta koʻrib chiqish va taqsimlash hisobidan berilishi mumkin.

Banganing bayonoti urushning global iqtisodiy o‘sish va inflyatsiyaga allaqachon katta ta’sir ko‘rsatayotganini anglatadi. Bunda rivojlanayotgan davlatlar eng ko‘p zarar ko‘rishi kutilmoqda.

“Agar urush uzoqroq davom etsa va ehtiyojlar ortsa, bank 80-100 milliard dollar qo‘shimcha moliyalashtirish manbalarini qidirishga majbur bo‘ladi”, dedi Banga.

Ushbu mablag‘lar bankning odatdagi kreditlash hajmlaridan tashqari taqdim etiladi. 13-aprel kuni Banga Xalqaro energetika agentligi rahbari va Xalqaro valyuta jamgʻarmasi rahbari Kristalina Georgiyeva bilan uchrashdi. Ular energetika bozorining barqarorlashishi uchun vaqt kerakligini ta’kidladi.

“Agar mojaro yaqin haftalarda tugasa, jahon iqtisodiyoti Yaqin Sharqdagi urush zarbasidan tezda tiklana oladi, ammo vaziyat yozgacha cho‘zilsa, ahvol yomonlashadi”, dedi Georgiyeva.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi energiya narxlarining oshishi va ta’minot zanjiridagi uzilishlardan jiddiy zarar ko‘rgan mamlakatlar bilan ularning moliyaviy ehtiyojlarini muhokama qilmoqda.

Banga ham, Georgiyeva ham mamlakatlarni energiya narxlari oshishining og‘ir oqibatlarini yengillashtirish uchun aniq va vaqtinchalik choralar koʻrishga chaqirdi. Shuningdek, inflyatsiyani yanada kuchaytirishi mumkin bo‘lgan keng qamrovli energiya subsidiyalaridan voz kechishga chaqirdi.