Avstraliyada 16 yoshli o‘smir kana chaqishi oqibatida yuzaga kelgan go‘shtga kuchli allergiya tufayli vafot etdi. Bu mamlakatdagi birinchi, dunyo miqyosida esa ikkinchi rasman tasdiqlangan holat bo‘lib, mutaxassislar orasida jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.


Noto‘g‘ri tashxis va haqiqiy sabab
Jeremi Uebb ismli o‘smir 2022-yilda do‘stlari bilan lagerda bo‘lgan vaqtida vafot etgan edi. O‘shanda o‘limga o‘tkir astma xuruji sabab bo‘lgan deb hisoblangan. Biroq uning ota-onasi talabi bilan o‘tkazilgan qayta tibbiy tekshiruvlar Jeremida kana chaqishi oqibatida rivojlangan go‘sht(sutemizuvchilar)ga allergiya (alfa-gal sindromi) bo‘lganini ko‘rsatdi.

Dunyo bo‘ylab ushbu sindromdan ilk o‘lim holati 2024-yilda AQSHda qayd etilgan edi.
Kasallik qanday yuqadi?
Tadqiqotlarga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi sababli ushbu xavfli kasallikni tashuvchi kanalar yangi hududlarga yoyilmoqda. Sababi kana so‘lagida inson organizmi uchun begona bo‘lgan alfa-gal (shakar molekulasi) mavjud.
Kana chaqqanda ushbu molekula qonga tushadi va organizm unga qarshi antitanachalar ishlab chiqara boshlaydi. Natijada inson tarkibida alfa-gal bo‘lgan mahsulotlarni (mol, cho‘chqa, qo‘y go‘shti yoki kenguru go‘shti) iste’mol qilganida, tanada o‘tkir allergik reaksiya — anafilaktik shok yuzaga keladi.
Bolaning holati ko‘p yillar e’tiborsiz qoldirilgan
Jeremi 5 yoshligida oilasi bilan butazorlar bilan o‘ralgan joyga ko‘chib o‘tgan va shundan beri uni bir necha bor kana chaqqan. U umri davomida astmadan aziyat chekkan va qizil go‘sht iste’mol qilganida nafas qisilishi kuzatilgan.
Shifokorlar 2018-yilda buni uy changiga allergiya deb hisoblagan. Lagerda u mol go‘shtidan tayyorlangan kolbasa iste’mol qilgan, bu esa uning o‘limiga olib kelgan halokatli anafilaksiyani qo‘zg‘atgan.
Asosiy simptomlar va xavfli hududlar
Shifokorlar ushbu kasallikning quyidagi belgilaridan ogohlantirmoqda:
  • qorin sanchig‘i, ich ketishi yoki ko‘ngil aynishi;
  • eshakemi (toshmalar), ko‘z, lab va til atrofida shishlar;
  • eng og‘ir holatlarda — nafas olish va yurak faoliyatining to‘xtashi.
Hozirda ushbu sindrom AQSHning janubiy shtatlarida (ayniqsa Texas) va Avstraliyaning sharqiy qirg‘oqlarida keng tarqalmoqda.
Tashxis qo‘yishdagi qiyinchiliklar
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu kasallikni aniqlash juda qiyin. Birinchidan, ko‘plab shifokorlar bu sindrom haqida yetarli ma’lumotga ega emas. Ikkinchidan, allergik reaksiya go‘sht iste’mol qilingandan bir necha soat o‘tib, kechikib namoyon bo‘ladi. Bu esa kasallik va go‘sht o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlashni murakkablashtiradi.