Senat 2025-yil avgustda 90 kundan ortiq xorijda bo‘lib, O‘zbekistonga qaytganlarni odam immunitet tanqisligi virusiga (OIV) majburiy tekshirishga oid qonunni ma’qullagan edi. Qonun prezident tomonidan tasdiqlanmagan bo‘lishi mumkin. Bu haqda joriy yil 20-fevral kuni Toshkent shahrida “O‘zbekiston 2030” strategiyasiga kiritilgan o‘zgarishlar va kutilmalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z borgan. “Daryo” muxbiri xabariga ko‘ra, tadbirda sog‘liqni saqlash vaziridan yuqoridagi qonun taqdiri nima bo‘lgani haqida so‘ralgan.    

Qonun haqidagi savol ochiq qoldi


Bir nechta vazirlik va idora rahbarlari ishtirokidagi anjumanda “Sevimli” telekanali muxbiri Dilfuza Esonova qonun hali kuchga kirmaganini aytdi. Hujjat bilan bog‘liq hozirgi vaziyatga oydinlik kiritishni so‘radi.

“Bilishimizcha, bu qonun qaytarilgan. U ijtimoiy tarmoqlarda bahslarga sabab bo‘lgandi. Qaytarilgan bo‘lsa, hozir qaysi bosqichda, endi jamoatchilik fikrlari inobatga olinyaptimi”, deya savol berdi muxbir.

Dilfuza Esonova
Foto: Taraqqiyot strategiyasi markazi

Bunga javoban, sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov OIVga tibbiy tekshiruv natijalarini davlatlararo tan olish tizimi yaratilishini aytdi.

“Ko‘proq Rossiyadan kelayotgan O‘zbekiston fuqarolari tekshiruvdan qayta o‘tib, ‘spravka’ni legallashtiradi. Bu haqiqiy emas, qaytadan boriladi. Hozir O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tekshirish jarayonini davlatlararo tan olish masalasi ko‘rib chiqilyapti. Shu ishga biz kirishmoqchimiz. O‘shanda fuqaro ikki marta borib, ovora bo‘lmaydi. Keyingi masala shuki, DNK tahlili natijasini berishda juda ehtiyotkorona yondashish kerak. Sababi, oddiy texnik xatolar ham butun bir oila yoki inson hayotini barbod qilishi mumkin. Masalan, vazirligimiz tizimidagi har bir laboratoriya tekshirish imkoniyatiga ega bo‘lgan taqdirda ham, oxirgi xulosani Respublika sud-tibbiy ekspertiza markazi beradi. Hozir tan olish masalasi to‘ldirilgandan keyin bu amalga oshiriladi. Bunga ehtiyoj bor”, dedi vazir.


Asilbek Xudayarov qonun kuchga kirgan yo kirmagani, agar hujjat o‘zgarayotgan bo‘lsa, jamoatchilik eʼtirozlari inobatga olinadimi, yo‘qmi, aniq to‘xtalmadi. Ayrim manbalarga ko‘ra, chet eldan qaytganlarni OIVga majburiy tekshirish allaqachon amalga oshirilmoqda.

Foto: Asilbek Xudayarov
Foto: “Daryo”

“Burgaga achchiq qilib, ko‘rpani yoqmaylik”

Tadbirda Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov ham mavzu haqida fikr bildirdi. Iqtisodchi millionlab fuqarolarni OIVga majburiy tekshirish mantiqsizlik ekanini aytdi.

Konstitutsiyadagi asosiy norma — aybsizlik prezumpsiyasi. Chet elga chiqib kelganlarni “apriori” aybdor deb tekshirishimiz shart emas. Mohiyatiga sal eʼtibor berishimiz kerak. Xorijda o‘qiydigan bir milliondan ortiq talabalarimiz bor. Ular chet elga har yili kamida ikki marta chiqib keladi. Qolaversa, yiliga 300 mingdan ortiq tadbirkorlarimiz xorijga kamida ikki marta borib, qaytadi. Endi yiliga qancha davlat xizmatchilari chet elga chiqib keladi? Buning masshtabini tasavvur qiling. Har bittasini potensial OIV yoki OITS tashuvchi deb qarash noto‘g‘ri. Bunga davlat darajasida qancha xarajat ketadi? Undan maʼno va mantiq nimada? Bir odamga shubha bilan qarab, butun jamiyatni aybdor sanash to‘g‘ri kelmaydi. O‘ylab ko‘rishimiz kerak: nimaga eʼtibor qaratmoqchimiz, nimaga erishmoqchimiz, sal solishtirish zarur. Balki, yaxshilik bordir. Lekin burgaga achchiq qilib, ko‘rpani yoqmaslik kerak, dedi agentlik rasmiysi.

Foto: Abdulla Abduqodirov
Foto: “Daryo”

Qonun haqida qisqacha

Senat muhokamasi paytida qonundan maqsad yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish ekani aytilgan. Misol keltirilishicha, 2024-yilda uzoq muddat xorijda bo‘lib qaytgan 434 ming fuqaro OIV testidan ixtiyoriy o‘tkazilgan. Shundan 1 512 nafarida mazkur turdagi kasallik aniqlangan. Bu — tekshirilganlarning atigi 0,35 foizi degani.

Qonunga binoan, chet elda 90 kundan ortiq bo‘lib qaytgan 18–60 yoshdagilar majburiy OIV tekshiruvidan o‘tkaziladi. Tahlil O‘zbekiston fuqarolari uchun davlat byudjeti hisobidan, chet elliklarga esa o‘z mablag‘lari evaziga amalga oshiriladi.

Qonunda fuqaro respublika chegaralaridan kirib kelgani to‘g‘risida Davlat personallashtirish markazidan maʼlumot olinishi belgilangan. Muhokamada o‘sha kunning o‘zida biriktirilgan tibbiyot xodimi va ichki ishlar noziri fuqaro oila aʼzolari bilan profilaktik tushuntirish ishlari o‘tkazishi aytilgan. Keyin uch kun ichida tibbiy tekshiruvdan o‘tish shartligi bildirilgan. Hukumat bu bo‘yicha loyiha tayyorlaganini maʼlum qilgan.

Senat binosi
Foto: “Daryo”

Jamoatchilik qanday munosabatda?

Senat qonunni maʼqullagach, ko‘plab jamoatchilik faollari keskin norozilik bildirdi. O‘zbekistonda bunday tartib joriy etilishi Konstitutsiyaga zid bo‘lib, shaxsiy daxlsizlik huquqi buzilishiga olib kelishi aytildi. Qolaversa, hujjat talablari xalqaro huquq normalariga ham zidligi taʼkidlandi.

BMTning OITSga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus tashkiloti (UNAIDS), Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Xalqaro mehnat tashkiloti majburiy OIV testini o‘tkazishga mutlaqo qarshi ekani qayd etildi. Aksincha, bu tashkilotlar OIVga qarshi har qanday test ixtiyoriy asosda, faqat rozilik va maxfiylik kafolati bilan o‘tkazilishi kerakligini talab qilishi aytildi. Shu sabab ham majburiy tekshiruv amaliyoti dunyoning hech bir joyida yo‘qligi eʼtirozlarni kuchaytirdi.

“Deputatlar va senatorlar o‘z chiqishlarida migrantlarga nisbatan salbiy fikr shakllantirmoqda. Ular orasida kasallanish holatlari ko‘payganini taʼkidlamoqda, garchi ular keltirayotgan maʼlumotlar shubha uyg‘otsa ham. Sinovdan o‘tkazishga majburlash odamlarning uyga qaytishdan qo‘rqishiga olib keladi. OIV infeksiyasi atrofida salbiy qarashlar kuchayadi. Xorijiy fuqarolar va investorlar O‘zbekistonga ishlash uchun kelishni xohlamaydi. Sayyohlar bizning mamlakatdan qochishadi”, deya fikr bildirgan jurnalist Shuhrat Latipov.

Foto: Shuhrat Latipov
Foto: YouTube

Iqtisodchi Otabek Bakirov qonun mohiyatini xuddi UzIMEI tizimiga qiyoslagan. Jamaotchilik faoli O‘zbekiston xorijda bo‘lgan fuqarolarini majburiy OIV testdan o‘tkazadigan birinchi mamlakatga aylanishiga urg‘u bergan.

“Inson huquqlari va O‘zbekiston qabul qilgan konvensiyalar masalasini qo‘ya turaylik, butun mohiyati bo‘yicha xuddi UzIMEI singari ishlaydigan Odam IMEI majburiyati byudjetga yuzlab milliard qo‘shimcha xarajatlarni yuklaydi (byudjet to‘lib-toshishni boshladi-ku). Millionlab o‘zbekistonliklarni sarson qilish evaziga qaysidir cho‘ntak tayyor buyurtmalarga ega bo‘ladi (postpandemiya paytidagi Maxsus komissiyadan soqqa-yorliq olgan aeroportdagi qimmat va majburiy testlar esingizdadir?). Endi qiziq, Odam IMEI’dan o‘tmaganlarning ID kartasini o‘chirib qo‘yishadimi (UzIMEI tovonini to‘lamaganlarning telefonini o‘chirib qo‘yishgani singari)? Yoki bahordan qishgacha xorijda ishlab yo o‘qib, yangi yilga yo hayitga uch kunga kelgan vatandoshlarni qaytib O‘zbekistondan chiqarmay qo‘yishadimi? Yangi taqiq ijrosi uchun yana qanaqa taqiqlar o‘ylab topilarkan? Undan ko‘ra, o‘sha qaysidir cho‘ntak ishlab topmoqchi bo‘layotgan falon yuz milliardni boshimizdan aylantirib sadaqa berish arzon tushmaydimi”, deya fikr bildirgan iqtisodchi.

Foto: Otabek Bakirov
Foto: Markaziy bank

AQSHning Garvard universiteti professori, iqtisodchi Botir Qobilov ham muhokamaga qo‘shilib, o‘z tanqidiy fikrini bildirgan.

“Men bunday testni topshirmoqchi emasman. Sababi balki ishonmasman, bunday test topshiraman deb bir narsalarni yuqtirib olishga, kim bilsin. Oqibati qanday bo‘ladi? Aeroportdan mamlakatga kirgizishmaydimi? Yaxshisi, bunday testlardan yig‘iladigan o‘lpon pulini darhol to‘lash imkoni yaratilsa hech qanday test, IMEI qilmasdan aeroportdan chiqib ketilsa hech bo‘lmasa vaqtimiz, asablarimiz tejalgan bo‘lardi. Va buning to‘lovini elektron shaklda to‘lab turish imkoni yaratilsin. Paynet yoki Click orqali. Yiliga bu IMEIʼga, bu OIV testga deb pul o‘tqazib turamiz. Shunda hech kim ovora ham bo‘lmasdi, hammani vaqti tejalardi-da va unumliroq ishlar bilan band bo‘lar edik”, deb yozgan u Telegram kanalida.

Boshqa ko‘plab faollar ham qonun bo‘yicha keskin norozilik bildirgan. Qator savollar ochiq qolgan. Masalan, ixtiyoriy tekshiruvdan o‘tganda, OIV aniqlanganlar kasallikni aynan chet elda yuqtirib kelgani to‘g‘risida biror dalil bormi, deb so‘ralgan. OIV bir kunda yuqib qolishi ham mumkin-ku, nega aynan 90 kun belgilandi, deganlar ham bo‘lgan. Qonun loyihalik payti jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmagan. Parlament yoki hukumat e’tirozlar yuzasidan izoh bermadi.