Rossiyada davlat xizmatchilari va deputatlar yillik daromadi hamda mol-mulki to‘g‘risida deklaratsiya topshirish majburiyatidan ozod etildi. Tegishli qonunlar to‘plami mamlakat prezidenti Vladimir Putin tomonidan 28-dekabr kuni imzolandi.
Qonunlarga ko‘ra, mansabdor shaxslar xizmatga kirishda, yangi lavozimga tayinlanganda, boshqa lavozimga o‘tkazilganda yoki kadrlar zaxirasiga kiritilganda deklaratsiya topshirishi shart bo‘lib qoladi. Amaldorlar o‘zlarining moliyaviy ahvolidagi ba’zi o‘zgarishlar to‘g‘risida, masalan, oilasining uch yillik umumiy daromadidan ortiq qiymatdagi mol-mulk sotib olganida xabar berishi kerak bo‘ladi.
Mansabdorlarning mol-mulki va pul mablag‘lari “Poseydon” onlayn tizimi orqali nazorat qilinadi. Ushbu tizim soliq xizmati, moliyaviy monitoring, ko‘chmas mulk reyestri, yo‘l harakati xavfsizligi va boshqa idoralar bazalari bilan integratsiya qilingan.
Qonun 2026-yil 1-yanvardan kuchga kirishi rejalashtirilgan. Hujjat 10-dekabr kuni Davlat Dumasiga kiritilib, 18-dekabrda parlament tomonidan ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilingan, 24-dekabrda esa Federatsiya Kengashi tomonidan ma’qullangan edi.
Rossiyada amaldorlar 1995-yildan buyon har yili o‘z daromadlarini deklaratsiya qilib kelgan. 2023-yil fevral oyida esa deputatlar va senatorlarning daromad hamda mol-mulkiga oid ma’lumotlar faqat umumlashtirilgan shaklda — familiyalar, aniq summalar va ko‘chmas mulk ro‘yxatlari ko‘rsatilmasdan e’lon qilinishi nazarda tutilgan qonun qabul qilingan. Ochiq manbalarda faqat deklaratsiya topshirilgani va unda xatolar mavjud yoki yo‘qligi haqidagi axborot berilgan edi.

.jpg)
Izohlar
Izoh qoldirish uchun, avval