Chiroyli qarish uchun albatta qimmatbaho kosmetika yoki murakkab muolajalar shart emas. Ba’zan to‘g‘ri tanlangan sevimli mashg‘ulot ham tanani, ham ongni yosh saqlashga yordam beradi. Olimlar fikricha, ayrim mashg‘ulotlar biologik qarish jarayonini sekinlashtirib, ruhiy va jismoniy holatni sezilarli darajada yaxshilaydi.

1. Raqs

Foto: The Voice

Raqs jismoniy faollikni, aqliy tetiklikni va ruhiy muvozanatni birlashtiradigan eng samarali mashg‘ulotlardan biri. 2025-yilda e’lon qilingan “Creative experiences and brain clocks” (“Ijodiy tajribalar va miyaning biologik soatlari”) tadqiqotiga ko‘ra, tango bilan xobbi sifatida shug‘ullana boshlagan odamlarning miyasi o‘rtacha hisobda biologik yoshidan yetti yoshga yoshroq bo‘lgan. Bundan tashqari, raqs stressni kamaytiradi va kayfiyatni ko‘taradi.

2. Gul parvarish qilish

Foto: The Voice

E’tibor bering, bu yerda gap bog‘dorchilik haqida emas. Buning uchun dala hovliga ega bo‘lish ham shart emas. Xonaki gul yetishtirish uchun deraza tokchasining o‘zi kifoya. Michigan shtati universiteti olimlari o‘tkazgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, muntazam parvarish qilinadigan o‘simliklar stress darajasini pasaytiradi, mushaklardagi zo‘riqishni kamaytiradi va umumiy kayfiyatni yaxshilaydi.

3. Mutolaa

Foto: The Voice

Ha, kitob o‘qish ham xobbi hisoblanadi va u aqlni charxlashda juda muhim rol o‘ynaydi. Bu degani faqat murakkab ilmiy asarlarni o‘qish shart degani emas. “A Chapter a Day — Association of Book Reading with Longevity” (“Kuniga bir bob kitob o‘qish va umr davomiyligi o‘rtasidagi bog‘liqlik”) tadqiqotiga ko‘ra, har qanday janrdagi kitoblarni o‘qish uzoq umr ko‘rish davomiyligini sezilarli darajada oshirishi mumkin. Muhimi, mutolaa jarayonidan zavq olish lozim.

4. Bo‘yoq bilan bo‘yash

Foto: The Voice

Sizningcha, bu mashg‘ulot bolalarga mo‘ljallangan va juda zerikarlimi? Ehtimol, siz hali to‘g‘ri bo‘yoqlarni uchratmagandirsiz. Bugun bozorlarda kattalar uchun maxsus ishlab chiqilgan bo‘yash kitoblarini topish mumkin. Ular diqqatni oshiradi va asablarni tinchlantiradi.

O‘tgan asrda mashhur shveysariyalik psixolog, Zigmund Freydning shogirdi va analitik psixologiya asoschisi Karl Yung bo‘yashni o‘zini anglash va ruhiy davolanish usuli sifatida targ‘ib qilgan. G‘arbiy Angliya universiteti tadqiqotchilari ham bu fikrni qo‘llab-quvvatlaydi: ularning aniqlashicha, bo‘yoqlar yoki hatto oddiy mavhum shakllarni chizish kayfiyatni yaxshilaydi, xavotirni kamaytiradi va e’tiborni jamlashga yordam beradi.

5. Xorijiy tilni o‘rganish

Foto: The Voice

Til o‘rganish sizga juda qiyin tuyulyaptimi? Aslida unday emas. Bugun bu jarayonni qiziqarli o‘yinga aylantiradigan ko‘plab ilovalar mavjud. Shu bilan birga, olimlar ta’kidlagan barcha “bonuslar”ni ham qo‘lga kiritasiz: diqqatni jamlash va xotira yaxshilanadi, muloqot ko‘nikmalari rivojlanadi, ijodiy fikrlash faollashadi. Eng muhimi, keksalikda demensiya rivojlanish xavfi kamayadi.

6. Qo‘lda maktub yozish

Foto: The Voice

Oxirgi marta qachon qog‘ozga qo‘lda yozgansiz? Ehtimol, bunga ancha vaqt bo‘lgandir. Vaholanki, yozish jarayonida miya faol ishlaydi va bir vaqtning o‘zida bir nechta soha ishga tushadi. Shu sababli qo‘lda yozish fikrlashni, nutqni va xotirani yaxshilashga yordam beradi. Kundalik yuritish yoki oddiy eslatmalarni qo‘lda yozish ham foydali odatga aylanishi mumkin.

7. To‘qish

Foto: The Voice

To‘qish qadimdan tinchlantiruvchi va deyarli meditatsiyaga teng mashg‘ulot sifatida tanilgan. Olimlarning fikricha, ritmik va takroriy harakatlar stressni kamaytiradi, ruhiy holatni yaxshilaydi, surunkali og‘riqlarni yengillashtirishga yordam beradi. Ayrim tadqiqotlarda to‘qish giyohvandlikni yengishda ham foydali bo‘lishi mumkinligi ta’kidlanadi. Qolaversa, har mavsum yangi kiyimlar va aksessuarlar bilan va garderobingizni boyitib borasiz.