Toshkentda miltillovchi chiroqlar o‘rnatilgan, davlat raqam belgisi yechib olingan Gentra’da fuqarolarning hayotini xavf ostiga qoldirgan holda sayr qilgan uch yigit jazolandi. Bu haqda YHXX xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea 11-mart kuni tungi vaqtda sodir bo‘lgan. Shu kunning o‘zida Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan surishtiruv olib borilib, guvohlarning ko‘rsatmalari, poytaxt ko‘chalaridagi kamera yozuvlari o‘rganilib, mazkur Gentra’ning raqami va unda bo‘lgan yigitlar shaxsi aniqlandi.
Avtomobildagi yigitlar haydovchilik huquqiga ega bo‘lmagan, mashinaning o‘zi boshqa shaxsga tegishli bo‘lgan. Ularning barchasiga jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida jazo tayinlandi.
Huquqqa ega bo‘lmagan yoshlarga avtomashinasini boshqarish uchun topshirgan shaxs Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi (transport vositalarini boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan yoxud aynan shu transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlari mavjud bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi, xuddi shuningdek, transport vositalarini boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan shaxsga transport vositalarini boshqarishning topshirilishi) ikkinchi qismi bilan BHMning 5 baravari (2 mln 60 ming so‘m)miqdorida jarimaga tortildi. Yigitlardan biriga BHMning uch baravari (1 mln 236 ming so‘m) miqdorida jarima, yana ikki nafariga 5 sutkadan maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazo 14-aprel kunidan boshlab hisoblanishi belgilandi.
“Davlat raqamlarini yechib harakatlansak bizni topisha olmaydi deb o‘ylagandik, lekin topishdi”, degan aybdorlardan biri.
Mart oyida Toshkentda poyga uyushtirgan ikki haydovchi 10 sutkaga qamalgandi. “Gelik”ni soatiga 222 kilometr tezlikda haydagan yigit va uning sherigiga 15 sutka qamoq jazosi berilgandi. 13 yoshli o‘smirlar avtomobilda ichki yo‘llarda katta tezlikda harakatlangani ortidan ularning otasi 5 sutkaga qamalgandi.


Izohlar
Izoh qoldirish uchun, avval