Toshkent va Yerevan o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston va Armaniston poytaxtlari o‘rtasidagi muntazam yo‘lovchi reyslari so‘nggi 10 yilliklarda ilk bor 2026-yilning may oyida yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Parvozlar haftada bir marta Boeing 737 samolyotlarida amalga oshirilishi kutilmoqda.
Yangi yo‘nalishning ochilishi Armaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi turistik hamda biznes aloqalarni mustahkamlashga, shuningdek, ikki mamlakat yo‘lovchilari uchun imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Avvalroq yo‘lovchilar ushbu yo‘nalish bo‘yicha Moskva, Istanbul va Tbilisi orqali transferlar bilan yetib olishga majbur edilar.
Mazkur yo‘nalishda Yerevandagi “Zvartnots” xalqaro aeroportida joylashgan Armanistonning Shirak Avia aviakompaniyasi tashuvchi sifatida faoliyat yuritadi. Aviakompaniya 2019-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda va bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro reyslarni amalga oshiradi. Uning havo kemalari parki Boeing 737 oilasiga mansub samolyotlardan iborat.
2017-yilning noyabrida Toshkentdagi muzokaralari davomida O‘zbekiston va Armaniston bosh vazirlari Toshkent va Yerevanni bog‘lovchi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareysni ochish masalasini muhokama qilgandi.
Bundan avval Uzbekistan Airways 14-apreldan Toshkent—Tel Aviv yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviaqatnovlarni qayta yo‘lga qo‘ygani xabar qilingandi.


Izohlar
Izoh qoldirish uchun, avval