Saudiya Arabistoni AQSHni Hormuz bo‘g‘ozidagi blokadani bekor qilishga va muzokaralar stoliga qaytishga undamoqda. Bu haqda arab rasmiylariga tayanib The Wall Street Journal xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, Saudiya Arabistoni blokada Erondagi vaziyatni keskinlashtirishi va muhim yuk tashish yo‘llarini izdan chiqarishidan xavotirda. Blokada Eronning allaqachon zaiflashgan iqtisodiyotiga bosimni kuchaytirishga qaratilgan. Biroq rasmiylar Eron bunga javoban Bob al-Mandab bo‘g‘ozini yopishi mumkinligini aytmoqda. Qizil dengizdagi ushbu yo‘lak Saudiyaning neft eksporti uchun muhim ahamiyatga ega.

So‘nggi paytlarda qirollik blokadaga qaramay, o‘z neftini cho‘l orqali Qizil dengizga yetkazib berish orqali neft eksportini urushdan oldingi darajaga yetkazdi. Xususan, kuniga taxminan yetti million barrelga qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. Agar Qizil dengizning chiqish yo‘li ham yopilsa, bu ta’minot xavf ostida qoladi.

Eronning Yamandagi ittifoqchilari bo‘lgan husiylar Bob al-Mandab yaqinidagi qirg‘oq hududining katta qismini nazorat qiladi. Ular G‘azo mojarosi vaqtida bu suv yo‘lagida harakatni cheklagan. Arab rasmiylariga ko‘ra, Eron hozir husiylarga bo‘g‘ozni yana yopish uchun bosim o‘tkazmoqda.

“Agar Eron Bob al-Mandabni yopishni istasa, husiylar buni amalga oshirishda hamkor hisoblanadi va ularning G‘azo mojarosiga javobi buni amalga oshirish qobiliyatiga ega ekanini ko‘rsatadi”, dedi Vashingtondagi New America siyosiy instituti xodimi, Yaman bo‘yicha ekspert Adam Baron.

Mintaqaviy rasmiylarning aytishicha, Fors ko‘rfazi davlatlari, xususan, Saudiya Arabistoni, urush yakunida Hormuz bo‘g‘ozi Eron nazoratida qolishini istamaydi. Shunga qaramay, ular AQSH masalani diplomatik yo‘l bilan hal qilishga undab, muzokaralarni qayta tiklashga harakat qilmoqda.

Bob al-Mandab bo‘g‘ozi Yaman va Afrika qit’asining shimoli-sharqiy qismi o‘rtasidagi tor dengiz yo‘lagi bo‘lib, Qizil dengizni Hind okeani bilan bog‘laydi. Nomi “Ko‘z yoshlari darvozasi” degan ma’noni anglatadi. Ushbu bo‘g‘oz Suvaysh kanaliga olib chiqadi va Osiyo hamda Yevropa o‘rtasida qatnovchi kemalar uchun eng muhim strategik yo‘llardan biri hisoblanadi.