Livan va Isroil so‘nggi 30 yildan ortiq vaqt ichida ilk bor diplomatik muzokaralar o‘tkazdi. Muzokaralarda vositachilik qilgan AQSH davlat kotibi Marko Rubio buni “Hizbulloh” ta’sirini tugatish uchun “tarixiy imkoniyat” deb atadi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Isroil muzokaralarda “Hizbulloh”ga ishora qilib, barcha nodavlat qurolli guruhlarni qurolsizlantirishni talab qildi. Livan esa o‘t ochishni to‘xtatish va gumanitar inqirozni yengillashtirish choralarini ko‘rishga chaqirdi. Ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilmagan, oxirgi yuqori darajadagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar esa 1993-yilda boʻlib oʻtgan.

Isroilning 2-martdan buyon Livanga bergan zarbalari oqibatida 2 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi. Isroil bu amaliyotlar “Hizbulloh”ni qurolsizlantirish va yo‘q qilishga qaratilganini ta’kidlamoqda.

AQSH davlat departamenti matbuot kotibi Tommi Pigott muzokaralardan so‘ng Isroil va Livan “Hizbulloh” ta’sirini kamaytirish ustida ishlashga kelishib olganini aytdi.

“Livan tomoni o‘t ochishni to‘xtatish, og‘ir gumanitar inqirozni hal etish va yumshatish uchun aniq choralar ko‘rishga chaqirdi”, dedi u.

AQSH muzokaralarda Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Muzokaralardan oldin jurnalistlar bilan suhbatda Rubio bu uchrashuvni “jarayon” deb atagan.

“Bu vaqt talab qiladi, lekin biz buni harakatga arziydi deb hisoblaymiz. Bu kelajakda davom ettiriladigan tarixiy uchrashuv”, dedi u.

Livan prezidenti Jozef Aun mojaroning “yagona yechimi” hudud xavfsizligi uchun faqat Livan qurolli kuchlari mas’ul boʻlishi ekanini ta’kidladi. Biroq u hukumatning “Hizbulloh”ga qarshi turish imkoniyatlari cheklanganini bildirdi.

Muzokaralar arafasida “Hizbulloh”ning yuqori martabali a’zolaridan biri Associated Press agentligiga bergan intervyusida ular Vashingtonda erishilgan kelishuvlarga amal qilmasligini aytdi.

“Biz ular kelishgan narsalarga aloqador emasmiz”, dedi “Hizbulloh” siyosiy kengashi a’zosi Vafiq Safa.

1982-yilda tashkil etilgan “Hizbulloh” qurollangan guruh bo‘lib, Livanning asosan shia aholisi yashaydigan janubiy hududlarida va poytaxt Bayrutning janubiy tumanlarida katta ta’sirga ega. Guruhga aloqador siyosatchilar hukumatda ham ikki vazirlik lavozimini egallab turibdi.