Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov pokistonlik hamkasbi Muhammad Isʼhoq Dar bilan telefon orqali muloqot qildi.

Muloqotda Afgʻoniston va Pokiston chegarasidagi qurolli toʻqnashuvlar hamda keskin vaziyat yuzasidan fikr almashilgan. Tashqi ishlar vaziri tomonlarni vazminlikka va vaziyatni yanada ogʻirlashtirmaslikka chaqirgan.

Suhbat davomida mavjud qarama-qarshiliklarni yumshatish uchun oʻzaro ishonch va muloqot eng asosiy vosita ekani qayd etilgan.

“Vazminlikni saqlash va vaziyatni yanada keskinlashuviga yoʻl qoʻymaslik muhimligini taʼkidladik”, deb yozadi Oʻzbekiston TIV rahbari.

Baxtiyor Saidov ushbu masala yuzasidan Afgʻoniston tashqi ishlar vaziri Mavlaviy Amir Xon Muttaqiy bilan ham suhbat qilgan.

27-fevralga oʻtar kechasi Afgʻoniston va Pokiston oʻrtasidagi munosabatlar ochiq harbiy toʻqnashuv darajasiga yetgan. Pokiston harbiy havo kuchlari Kobul va Paktiya viloyatidagi nishonlarga aviazarbalar bergan, shundan soʻng mamlakat mudofaa vaziri Xoja Osif “Tolibon” rejimiga qarshi “ochiq urush” boshlanganini eʼlon qilgan.