Shahzoda Charlz va malika Diananing o‘zaro munosabatlari hanuzgacha ko‘plab sir-sinoat va jumboqlarga boy. Ularning hayotidagi ayrim qoidalar mantiqan tushunarli bo‘lsa-da, ba’zi talablar kishini hayratga soladi. Shunday g‘alati taqiqlardan biri Malika Diananing go‘zallik odatlariga tegishli edi.


Tasavvur qiling, turmush o‘rtog‘ingiz sizga kundalik hayotda eng zarur bo‘lgan pardoz vositasidan foydalanishni qat’iyan man qiladi. Vaholanki, siz usiz uydan chiqishni, o‘z tashqi ko‘rinishingizni mukammal holatga keltirishni tasavvur ham qila olmaysiz.
Malika Diana aynan mana shunday vaziyatga duch kelgan. Qirollik oilasi biograflarining yozishicha, Charlz o‘z talabini ilk bor aytganida Diana buni shunchaki hazil yoki tushunmovchilik deb o‘ylagan.
Foto: People
1980-yillarning oxiriga kelib, shahzoda Charlz Kensington saroyida soch uchun lak ishlatishni yashirincha taqiqlab qo‘ygan. Bu taqiq, eng avvalo, sochlarini har doim mustahkam turmaklashni xush ko‘radigan Dianaga yoqmagan.
Aslida, bu yerda gap Charlzning qaysarligida emas, balki uning qadriyatlarida edi. O‘sha paytlardayoq shahzoda aerozolli spreylar tabiatga ziyon yetkazadi va yerning ozon qatlamini yemiradi, degan fikrda bo‘lgan. Hozirgi kunda aksariyat kosmetik vositalar ekologik xavfsiz tarkibga ega ekanini bilsak-da, 80-yillarda bu mavzu dolzarb edi. Charlz uchun lakdan voz kechish Yer sayyorasini asrash yo‘lidagi mas’uliyatli qadam bo‘lgan.
Foto: People
Biroq bu taqiqning yana bir sababi bor edi — malika Diana bilan birga ishlagan taniqli fotograf Devid Beylining aytishicha, Diana soch turmagi yaxshi turishi uchun lakni haddan tashqari ko‘p ishlatgan. Buning oqibatida uning sochi ba’zan “plastik manekenning parigi kabi qattiq” bo‘lib qolgan. Charlz esa tabiiylikni ko‘proq qadrlagan bo‘lishi mumkin.