Oʻzbekistonda ramazon oyi munosabati bilan ehtiyojmand oilalarga 422,4 milliard soʻm mablagʻ toʻlab berildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar qildi.

Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoniga asosan ushbu oyda yordamga muhtoj oilalarga 1 million soʻmdan, “kambagʻal oila” toifasidagi hamda “mahalla yettiligi” tomonidan shakllantiriladigan qoʻshimcha roʻyxatdagi ehtiyojmand oilalarga 500 ming soʻmdan bir martalik moddiy yordam ajratilishi belgilangan.

Qaror ijrosining birinchi bosqichida 616 305 ta oilaga jami 422,4 milliard soʻm mablagʻ toʻlab berildi. Jumladan 225 541 ta oilaga 1 million soʻmdan moddiy yordam ajratilgan.

Yordam pullari berilganlar toifalar quyida keltirilgan:

  • 207 661 ta — davlat taʼminotidagi oilalarga;
  • 3 848 ta — yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar yashayotgan oilalarga;
  • 17 032 ta — yolgʻiz yashovchi, parvarishga muhtoj keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga.

Shu bilan birga, 387 764 ta kam taʼminlangan oilaga esa 500 ming soʻmdan pul ajratilgan.

Ikkinchi bosqichda roʻyxati qoʻshimcha shakllantirilgan hamda hujjatlari oʻrganilayotgan oilalarga moddiy yordam yoʻnaltirilishi maʼlum qilindi.

Avvalroq mamlakatda ramazonda beriladigan yordam puli boʻyicha firibgarliklardan ogohlantirish berilgandi.