Shavkat Mirziyoyev raisligida 25-fevral kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Yangihayot tumanidagi “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasini kengaytirish rejalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda Toshkent shahri markazidan yirik sanoat korxonalarini bosqichma-bosqich ko‘chirish hamda ularning o‘rnida yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan, ekologiya talablariga javob beradigan zamonaviy ishlab chiqarishlarni joylashtirish muhim ekani ta’kidlandi.

Ma’qullangan loyihalar amalga oshirilsa, har yili qurilish sohasi hisobidan qo‘shimcha 1,5 milliard dollar yalpi hududiy mahsulot yaratilishi, byudjetga 3,5 trillion so‘m tushum tushishi va 260 mingta yangi ish o‘rni tashkil etilishi kutilmoqda.

Yig‘ilishda yashil hududlarni kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Loyihalarning kamida 30 foizi, ya’ni 400 gektar maydon yashil hudud sifatida ajratilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek, Toshkentning 9 ta hududida umumiy maydoni 134 gektar bo‘lgan yangi jamoat bog‘larini barpo etish rejalari ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.

Qayd etilishicha, loyihalardan undiriladigan infratuzilma to‘lovlari, avvalo, yangi yashil hududlar tashkil etishga yo‘naltiriladi, qolgan qismi esa shahar infratuzilmasini rivojlantirishga sarflanadi. Prezident urbanizatsiya jarayonlarini jamoatchilik manfaatlari, sog‘lom muhit va ekologiya talablarini inobatga olgan holda olib borish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.

Shuningdek, shahar muhitini sog‘lomlashtirish va turmush sifatini yaxshilash maqsadida yashil hududlarni kengaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Xususan, Toshkent shahri va uning atrofida yashil zonalar maydonini uch baravarga oshirib, 25 ming gektarga yetkazish, aholi jon boshiga yashil maydonlar hajmini 3 kvadrat metrdan 6 kvadrat metrgacha ko‘paytirish maqsad qilingan.