Fargʻona viloyati Qoʻqon shahrida koʻp qavatli uyda yongʻin chiqdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar qildi.

Qayd etilishicha, bugun, 25-fevral kuni soat 14:47 da FVBga “Boʻston” MFYda joylashgan koʻp qavatli uyda chaqnash sodir boʻlib, uning oqibatida yongʻin boʻlayotgani toʻgʻrisida xabar kelib tushgan.

Shunga asosan, qutqaruv boʻlinmalari aytilgan manzilga yetib borgan. Hozirda yong‘inni bartaraf qilish choralari koʻrilmoqda. Vaziyat nazoratga olingani bildirildi.

So‘nggi ma’lumotga ko‘ra, tan jarohati olganlar to‘g‘risida xabar kelib tushmagan.

Hozirda FVV qutqaruvchilari tomonidan hodisa oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq ham shaharda koʻp qavatli uyda gaz portlagandi. Hodisa oqibatida 4 nafar fuqaro turli darajada kuyish tan jarohati olib, shahar tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. Jabrlanganlardan biri shifoxonada vafot etgan.