Buyuk Britaniyada vafot etgan donordan ko‘chirib o‘tkazilgan bachadon yordamida ilk chaqaloq tug‘ildi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Bolaning onasi 30 yoshlardagi Greys Bell bo‘lib, bachadonsiz tug‘ilgan. Bell Buyuk Britaniyada taxminan 5 ming ayolda uchraydigan MRKH sindromiga ega. Bu holatda ayol bachadonsiz tug‘iladi, hayz ko‘rmaydi, biroq tuxumdonlari normal bo‘ladi.

U 16 yoshida farzand ko‘ra olmasligini bilgan. Shundan so‘ng er-xotin uchun yagona yo‘l bachadon transplantatsiyasi yoki surrogat onalik xizmati bo‘lgan. Bell transplantatsiya uchun donor bachadoni topilgani haqida xabar olgan paytini eslab, “butkul shokda” bo‘lganini eslaydi.

Bellning bachadon transplantatsiyasi 2024-yil iyun oyida Oksforddagi Cherchill kasalxonasida o‘tkazilgan. Operatsiya 10 soat davom etgan. Bir necha oy o‘tib er-xotin Londondagi Lister fertil klinikasida EKU muolajasidan o‘tgan.

O‘lik donor bachadonidan tug‘ilgan bola

Hugo 2025-yil dekabr oyida Londondagi Qirolicha Sharlotta kasalxonasida qariyb 3,2 kilogramm vaznda tug‘ilgan, hozirda 10 haftalik. Bell bachadon transplantatsiyasi orqali tug‘ilgan o‘g‘lini “shunchaki mo‘jiza” deb ataydi.

Men donorim va uning oilasini har kuni o‘ylayman. Ularning qizi menga hayotning eng katta sovg‘asini — yashash sovg‘asini berganini bilib taskin topishlarini tilayman, dedi Bell.

Foto: PA media

Operatsiyada qatnashgan jarrohlar bu yangilik bachadonsiz ayollar uchun katta umid berishini ta’kidladi. Bellning o‘lik donordan bachadon transplantatsiyasi Buyuk Britaniyada klinik tadqiqot doirasida amalga oshirilayotgan 10 ta shunday operatsiyadan biridir. Hozirgacha uchta transplantatsiya o‘tkazilgan, biroq chaqaloq tug‘ilishi ilk holat hisoblanadi.

2025-yil boshida esa Britaniyada tirik donor bachadoni orqali dunyoga kelgan ilk chaqaloq — Emi tug‘ilgan. Uning onasiga bachadon 2023-yil yanvarida opasidan ko‘chirib o‘tkazilgan. Buyuk Britaniyada yaqin qarindoshlardan yana beshta bachadon transplantatsiyasi rejalashtirilgan.