Isroil askarlari 2025-yilning mart oyida G‘azo sektori g‘arbidagi Tal as-Sulton mahallasida falastinlik qutqaruvchilar va tibbiyot xodimlari karvoniga qarata 900 dan ortiq o‘q uzgan. Bu haqda Forensic Architecture tadqiqot agentligi va Earshot audio-ekspertiza guruhi o‘tkazgan qo‘shma surishtiruv hisobotiga tayanib, Al Jazeera xabar berdi.
Pistirmadan qatlgacha
2025-yil 23-mart kuni yuz bergan hujum oqibatida 15 nafar gumanitar yordam xodimi, jumladan, Falastin Qizil yarim oy jamiyati paramediklari, o‘t o‘chiruvchilar va BMT (UNRWA) xodimi halok bo‘lgan.
Dastlab Isroil harbiylari bu voqeani “muvofiqlashtirilmagan harakat” yoki “professional xato” deb atagan edi. Biroq ilmiy tahlillar boshqa manzarani ko‘rsatmoqda:
O‘q yomg‘iri
Halok bo‘lgan paramedik Rifat Radvanning telefonidan topilgan videoda 5 yarim daqiqa ichida kamida 844 ta o‘q ovozi eshitiladi. Umumiy hisobda karvonga 910 dan ortiq o‘q uzilgan.
Ovoz ballistikasi
Audio tahlillar shuni ko‘rsatadiki, o‘qlarning 93 foizi bevosita kamera yo‘nalishida, ya’ni tibbiyot xodimlari turgan joyga qarata uzilgan.
Yaqin masofadan qatl
Askarlar dastlab 40 metr uzoqlikdan o‘t ochgan, so‘ngra yaradorlar tomon yaqinlashgan. Audioyozuvlarda o‘q ovozlarining aks-sadosi yo‘qolgani, askarlarning jabrlanuvchilarga 1-4 metr masofadan turib qarata o‘q uzganini tasdiqlaydi. Bu esa yaradorlarning “qatl uslubida” otib tashlanganini ko‘rsatadi.
“Lalas, tugatdingmi?” — askarlarning shaxsi aniqlandi
Surishtiruv davomida Isroil askarlarining ibroniy tilidagi suhbatlari ham tahlil qilindi. Tadqiqotchilar uch nafar askarning ismini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi: Elias (Lalas), Yotam va Amatsiya.
Yozuvlardan birida askarlardan birining “Lalas, tugatdingmi?” degan savoli va ortidan “ularning ustiga qurol qo‘yib chiq” degan buyrug‘i eshitiladi. Bu esa harbiylar qurolsiz yordam xodimlarini “jangari” sifatida ko‘rsatish uchun dalillarni soxtalashtirganidan dalolat beradi.
Jinoyat izlarini yashirishga urinish
Hisobotga ko‘ra, Isroil kuchlari qirg‘indan so‘ng darhol dalillarni yo‘q qilishga kirishgan. Jumladan, buldozerlar ishga solingan: sun’iy yo‘ldosh tasvirlari voqea joyiga buldozerlar kelganini va chil-parchin qilingan tez yordam mashinalari jasadlar bilan birga qum ostiga ko‘milganini tasdiqladi. Omon qolgan guvohlardan birining aytishicha, askarlar uning telefonini tortib olib, qumga ko‘mib tashlagan.
Xalqaro munosabat
G‘azodagi genotsid urushi oqibatida rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra 72 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan. Mazkur qirg‘in yuzasidan Isroil hozircha hech qanday huquqiy yoki siyosiy oqibatlarga duch kelgani yo‘q. Hozirda Xalqaro jinoiy sud (XJS) Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni urush jinoyatlarida ayblab, hibsga olishga order bergan.

Izohlar
Izoh qoldirish uchun, avval