O‘zbekiston shahar va tumanlari hokimlari uchun Londonda qisqa muddatli malaka oshirish kurslari tashkil etiladi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniyaning Civil Service College (CSC) nodavlat taʼlim muassasasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda davlat xizmati sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va uni milliy amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Xorij tomoniga O‘zbekistonda davlat xizmatini rivojlantirish, istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish va ularning muntazam kasbiy o‘sishini taʼminlashga qaratilgan tizimli islohotlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Muloqot davomida tomonlar birgalikda taʼlim dasturlarini ishlab chiqish va treninglar tashkil etish, onlayn va gibrid o‘quv platformalarini yaratish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Shuningdek, ekspertlar almashish va qo‘shma tadqiqot loyihalarini tayyorlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston shahar va tumanlari hokimlari uchun qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil etish, davlat xizmati sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish va qo‘shma dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Civil Service College 1970-yilda Britaniya hukumati huzuridagi milliy maktab sifatida tashkil etilgan bo‘lib, davlat xizmatchilari tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha ixtisoslashgan muassasa hisoblanadi. 2012-yildan boshlab kollej mustaqil taʼlim markazi sifatida faoliyat yuritib, zamonaviy o‘quv dasturlari va innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etib kelmoqda.
O‘zbekiston sug‘urta kompaniyalari rahbar xodimlari MBF Academy tashkiloti bilan hamkorlikda Buyuk Britaniyada sug‘urta sohasida ham malaka oshirdi. Agentlik bu haqda 12-fevral kuni xabar bergandi. 2025-yilning dekabrida o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlari ham Londonda malaka oshirishi ma’lum qilindi. Kurs davomida O‘zbekistondagi tibbiy muassasalarning faoliyatini takomillashtirish, ularda zamonaviy menejment tizimini joriy etishga ko‘maklashish yo‘nalishlarida nazariy va amaliy bilimlar beriladi.


Izohlar
Izoh qoldirish uchun, avval