Samarqandda bir necha sohalarda uchrayotgan korrupsiya holatlari tanqid qilindi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar qildi.
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilishda agentlik direktori Akmal Burxonov idoralararo ishchi guruhning Samarqand viloyatida oʻtkazgan oʻrganish yakunlari haqida axborot berdi.
Majlisda bank, qurilish, kadastr, sogʻliqni saqlash, taʼlim, tadbirkorlik, bandlik, savdo, energetika sohalaridagi korrupsion holatlarga alohida toʻxtalib oʻtilgan.
Viloyatda davlat xaridlarini amalga oshirishda ham suiisteʼmolchiliklar saqlanib qolmoqda. Agentlik tomonidan 2025-yilda 3,4 milliard soʻmlik 9 ta davlat xaridi natijasini bekor qilish boʻyicha davlat buyurtmachilariga taqdimnoma kiritilgan, deyiladi xabarda.
Joriy yilda viloyat boʻyicha mahalliy hokimliklarning 248 ta qaror va farmoyishi XDFU grifi, yaʼni ommaga ochiq eʼlon qilinmaydigan tartibda qabul qilingan boʻlib, shundan 49 tasi asossiz yashirilgan deb topildi.
Samarqandda davlat byudjeti hisobidan amalga oshirilgan xorijiy xizmat safarlariga ayrim mansabdorlar oʻz yaqin qarindoshlarini yuborgani haqida OAV va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar tasdiqlanib, aybdorlarning harakatlariga huquqiy baho berish ishlari olib borilayotgani bildirildi.
Viloyatda 100 ga yaqin boshqaruv xodimlarining tadbirkorlik subyektlarida taʼsischilik va rahbarlik asosida faoliyati saqlanib qolayotgani ham aniqlangan. Vaholanki, oʻtgan yili viloyatning 30 nafar davlat xizmatchisi ayni shu masalada maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.
Yigʻilishda tizimli kamchiliklarga yoʻl qoʻyib kelayotgan 10 ga yaqin masʼul rahbarlarga chora koʻrish boʻyicha Milliy kengashga taklif kiritilgani maʼlum qilindi.
Shu bilan birga, Kattaqoʻrgʻon tumanini “Korrupsiyadan holi hudud”ga aylantirishga oid alohida amaliy chora-tadbirlar belgilangan.
Avvalroq Xorazmda 60 ga yaqin davlat xizmatchilarining tadbirkorlik bilan shugʻullanayotgani aniqlangandi.
“Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonunning 13-moddasiga asosan, davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) boʻlishga, tadbirkorlik faoliyati subyektida tashkiliy-boshqaruv, maʼmuriy-xoʻjalik vazifalarini bajarishga haqli emas.


Izohlar
Izoh qoldirish uchun, avval