AQSHning 13 ta shtati Donald Tramp ma’muriyatiga qarshi sudga da’vo kiritdi. Bunga Oq uyning “yashil” energiya loyihalari uchun ajratilgan 1,2 milliard dollarlik grantlarni bekor qilgani sabab bo‘ldi.
Da’vo arizasi Kaliforniya, Kolorado, Vashington, Konnektikut, Illinoys, Merilend, Massachusets, Nyu Jersi, Nyu York, Oregon, Rod Aylend, Vermont va Viskonsin shtatlari tomonidan kiritilgan.
“Noqonuniy qaror” va xavf ostidagi ish o‘rinlari
Kaliforniya gubernatori devoni matbuot xizmati grantlarning bekor qilinishini “noqonuniy” deb topdi. Ta’kidlanishicha, ushbu qadam 200 mingdan ortiq kishining ish joyini yo‘qotishiga sabab bo‘ladi hamda sog‘liqni saqlash sohasida har yili qariyb 3 milliard dollar mablag‘ni tejashi mumkin bo‘lgan loyihalarga zarba beradi.
Da’voga ko‘ra, Kongress ma’qullagan 1.2 milliard dollar granting bekor qilinishi va yana 4 million dollarning muzlatilishi qonunga xilofdir, chunki bu mamlakat Konstitutsiyasiga xilof.
“Biz Trampning kelajagimizni o‘zining yirik donorlariga sotishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, dedi Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom holatga munosabat bildirib.
Nyusom, shuningdek, Vashington ma’muriyatini grantlarni bekor qilish orqali Kongress irodasiga qarshi chiqqanlikda va “yashil” energiya poygasida “Xitoyga imkoniyatni boy berayotganlikda” aybladi.
Siyosiy tanlovmi?
E’tiborli jihati shundaki, Trampning grantlarni bekor qilish haqidagi qarori 2024-yilgi prezidentlik saylovlarida Demokratik partiya nomzodi Kamala Harrisni qo‘llab-quvvatlagan 16 ta shtatdagi loyihalarga daxl qilgan.
Xususan, Kaliforniyadagi vodorod texnologiyalari markazi uchun ajratilgan 1,2 milliard dollar bekor qilingan bo‘lsa-da, Texasdagi vodorod loyihasi hamda G‘arbiy Virjiniya, Ogayo va Pensilvaniya shtatlarini qamrab olgan uch tomonlama loyiha ushbu qisqartirishlardan mustasno qilingan.
Sudning avvalgi hukmi
Ma’lumot o‘rnida, 13-yanvar kuni AQSH sudyasi Tramp ma’muriyatining Harrisni qo‘llab-quvvatlagan shtatlardagi toza energiya loyihalari uchun mo‘ljallangan jami 7,6 milliard dollarlik grantlarni bekor qilish haqidagi qarorini allaqachon “qonunga xilof” deb topgan edi.

Izohlar
Izoh qoldirish uchun, avval