Toshkent viloyati Qibray tumanida katta miqdordagi tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi. Bu haqda Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasini xabar qildi.

Qayd etilishicha, nazorat tadbirida tumanda “T.O.” AJga qarashli koʻp qavatli turar joy binosi tegishli tashkilotlardan ruxsat olmasdan, loyiha hujjatlarisiz tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani fosh boʻldi.

Ushbu qonunbuzarlik oqibatida taʼminotchi korxonaga dastlabki hisob-kitoblariga koʻra, 4 milliard 45 million soʻmlik zarar yetkazilgan.

Hozirda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Fargʻonada ham koʻp kvartirali uyda 6,1 milliard soʻmlik tabiiy gazdan oʻgʻrincha foydalanilgandi.

Mamlakatda yanvar oyida 79 milliard soʻmlik tabiiy gaz va elektr talon-toroj qilingan. Bunda noqonuniy isteʼmol bilan bogʻliq 283 ta holat aniqlangan boʻlib, ularda 11,5 kVt soat — 25,8 milliard soʻmlik soʻm elektr energiyasi hamda 17,9 million metr kub — 53,2 milliard soʻm tabiiy gaz oʻgʻirlangan.